Jahondagi tibbiyotchilar: Bu fantastik natija! O'zbek olimlari yaratgan "Rak" ga qarshi dori haqida dunyo olimlari nima demoqda?

Bugun o’zbek olimlari qanday yangi tadqiqotlar ustida izlanishlar olib borayotgani va ulardan kutilayotgan natijalar xususida O’zbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov bilan suhbatlashdik.

— Suhbatimizni institut olimlari tomonidan eng oxirgi olib borilgan ilmiy izlanishlar va ularning dolzarbligi xususidagi fikrlaringiz bilan boshlasak?  

— Hozirgi kunda institutda 14 ta ilmiy laboratoriya va bo’limlar faoliyat ko’rsatyapti. Oxirgi yillarda ham fundamental, ham amaliy yo’nalishlar bo’yicha bir qancha tadqiqotlar olib borildi.  

Реклама на Unews

Eng yaxshi natijalarimizdan biri 2022 yilning iyun oyida ro’yxatdan o’tkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasini misol keltirish mumkin. Bu  preparat saraton kasalligini davolashda nihoyatda samarador bo’lgan yangi dori vositasi hisoblanadi.  

Bu dori vositasining bitta dozasi hozirgi kunda AQShda 70 ming dollar, Yevropa mamlakatlarida 25 ming dollar atrofida sotilyapti. Bizning institutimiz ushbu dorini respublikamizdagi 3 ta onkologik klinikalarga 1,5 ming AQSh dollari narx bilan yetkazib berishni yo’lga qo’ydi.  

— Bu dori vositasi asli kim tomonidan ishlab chiqarilgan?  

Реклама на Unews

— Bu dori 2018 yildan boshlab bir nechta chet davlatlarda, har biri o’zlari yaratgan texnologiya bo’yicha ishlab chiqarilib, tibbiyotda qo’llanilib kelinmoqda. Biz o’zimizda yaratilgan yangi texnologiya bo’yicha mazkur dorini ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydik. Hozirgi kunda biz ishlab chiqarayotgan “litetsiy-177” nomli izotopimiz dunyodagi boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotidan 10 barobar toza hamda yuqori sifatli radioizotop hisoblanadi.    

Oddiy qilib aytganda dunyoda bor dori vositasini takomillashtirib, o’zimiz yaratgan texnologiya bo’yicha unga nisbatan sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarishni yo’lga qo’ydik.  

Bizning mahsulot Amerika Qo’shma Shtatlari, Germaniya, Rossiyadagi mahsulotlarga  nisbatan 10 barobar toza bo’lishi bilan birga, 15-50 martagacha arzon.    

—  Tarkibi nimalardan iborat?  

— Tarkibi “lyutetsiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali “antigen-617” degan oqsil moddasidan iborat. Ushbu oqsil moddasi “lyutetsiy-177” radioizotopini organizmning  saraton metastazalari bo’lgan joylariga yetkazib beruvchi transport vositasi vazifasini bajaradi. “Lyutetsiy-177” radioaktiv izotopi saraton o’smalari ichiga kirib, o’zining radioaktiv nurlari bilan o’smalarni kuydiradi. Bu nurlarning o’tish masofasi 1-2 millimetrni tashkil qilgani sababli ular o’smani ichidan yemirib, atrofidagi sog’lom to’qimalarga zararli ta'sir ko’rsatmaydi. Bu bilan o’smalarni operatsiyasiz davolash imkoni tug’iladi.  

Суратда,- бутун танаси рак метастазалари билан қопланган 4 та бемор (чап томонда) ва лютеций-177 ПСМА-617 препарати билан 2-3 ой мобайнида даволангандан сўнг (ўнг томонда).

— Ushbu yangi preparatdan foydalanilgandan so’nggi natijalar qanday bo’lyapti?  

— Hozirgi kunda bu dori 4-bosqichdagi rak kasalligining 97-99 foizgacha tuzalishini ta'minlayapti. Jahondagi tibbiyotchilar revolyutsion dorilar qatoriga kiruvchi bu preparatga “fantastik natija”, deb baho berishyapti.  

Bu dori vositasi institutning sho’'ba korxonasi bo’lgan “Radiopreparat” davlat korxonasi va Radiokimyo ilmiy laboratoriyasi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar mahsuli hisoblanadi.  

— Balki boshqa davlatlarda biznikidan ham arzonroq narxdagisi bordir?  

— Hozirgi kunda biz AQShdagiga nisbatan 55 marta, Yevropa davlatlariga nibatan 15 marta va dunyodagi eng arzon hisoblangan Isroil davlatidagiga nisbatan 9-10 marta arzon narxda ishlab chiqarayapmiz. O’ylaymanki, yaqin kelajakda hech bir davlat bizdan arzon narxda ishlab chiqara olmaydi.  

Hozir biz respublikamizdagi 3 ta klinikaga ushbu dorining bir necha yuz dozasini yetkazib berish imkoniyatiga egamiz. Ma'lumotlarga ko’ra bir yilda respublikamizning 10 mingga yaqin aholisi saratondan davolanish uchun xorijga chiqmoqda. Endilikda bunday bemorlar chet eldagiga nisbatan bir necha marotaba arzon davolanish imkoniyatiga ega bo’ldi.  

— Eksportga ham chiqarilyaptimi?  

— Aynan shu vosita, foydalanish muddati bir necha kun bo’lganligi sababli, hozircha faqat ichki bozorgagina chiqarilyapti. Umuman olganda, biz hozirgi kunda 60dan ortiq radiofarmatsevtik mahsulotlar ishlab chiqaramiz, ba'zi mahsulotlarimiz jahon bozorida juda yuqori baholanadi.  

Masalan, “Yod-125” radioizotopining butun jahon bo’yicha ishlab chiqarilayotgan miqdorining 80 foizi, “Fosfor-32”, “Fosfor-33” izotopining 60 foizi bizning korxonamizda ishlab chiqariladi.  

Korxona tomonidan umumiy ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning 95 foiz qismi eksport qilinadi. Faqatgina 5 foizga yaqini ichki bozorda sotiladi. Umid qilamizki yaqin kelajakda respublikamiz klinikalarida ham biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlardan to’liq foydalanish imkoni yaratiladi va o’z mahsulotimizni asosan Vatanimiz aholisining sog’ligini saqlash uchun yo’naltiramiz.  

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring