Bugun O‘zbekiston bo‘ylab onlayn Qur’on xatmonalari o‘tkaziladi

Ayni kunlarda O‘zbekistonda onlayn Qur’oni karim tilovatlari tashkil etilmoqda. O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, ulug‘ oy davomida diyorimizda eng xushovoz qorilar onlayn xatmi Qur’onlarni o‘qidi. Bu haqida "Sof.uz" nashri xabar bermoqda.

Shunday onlayn xatmi Qur’onlarning yakuni va xatmona duosi 2020 yil 19 may (Qadr kechasi) kuni soat 22:15 da jonli efirda uzatilishi rejalashtirildi. Xatmona tadbiri internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn namoyish etiladi. Shuningdek, ushbu tadbir “Uzreport” telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, qolgan kanallarda esa yozib olingan holda efirga beriladi.

Ma’lumot uchun: “Laylatul Qadr” “belgilash kechasi” degan ma’noni beradi. Yil davomida qilinadigan turli amallar, hukm, topiladigan rizq, bir so‘z bilan aytganda taqdir belgilanadigan kechadir.

Реклама на Unews

Bu kecha haqida Alloh taolo: “... ming oydan yaxshiroqdir” (Qadr surasi, 3-oyat) deb marhamat qilgan.

1000 oy – 84 yilga teng. 84 yil – 30000 kunga teng.

Laylatul Qadr kechasi qachon bo‘ladi? Abul Oliya roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Bir a’robiy sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, “Qadr kechasi qachon bo‘ladi?” deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazonning ilk va eng so‘nggi hamda toq kechalaridan izlanglar!” dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Реклама на Unews

Onamiz Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qadr kechasini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunligidan qidiringlar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati) deganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qadr kechasi borasida: “U 27-yoki 29-kechadir. Ushbu kecha yerda farishtalar soni mayda toshlardan ham ko‘p bo‘ladi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).

Bu kechaning qanday alomatlari bor? Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U ochiq, issiq ham, sovuq ham bo‘lmagan kecha. Uning tongida quyosh qizg‘ish, zaif bo‘lib chiqadi”, (Ibn Xuzayma rivoyati) dedilar.

Bu kecha Alloh taoloning amri bilan farishtalar har bir osmondan va “Sidratul muntaho”dan (ya’ni, Jabroil alayhissalom maskanidan) yerga tushadi, tong otguncha insonlar haqiga duo qiladi. Qur’oni karimda bunday deyiladi: “U (kecha)da farishtalar va Ruh (Jabroil) Parvardigorlarining izni bilan (yil davomida qilinadigan) barcha ishlar (rejasi) bilan (osmondan yerga) tusharlar. U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir” (Qadr surasi, 4–5-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kechani qanday o‘tkazar edilar? Oisha onamiz roziyallohu anho rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonning oxirgi o‘n kunligi kelsa, kechalari uxlamas edilar va uydagilarni ham ibodat qilishga uyg‘otar edilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bu kecha gunohlar mag‘firat etiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Laylatul Qadr kechasini imon va ixlos bilan bedor o‘tkazsa, uning shu kechagacha sodir etgan barcha gunohlari mag‘firat qilinadi”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati) dedilar.

Oisha onamiz roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yo Rasululloh agar Qadr kechasini topishga muvaffaq bo‘lsam nima deb duo qilay?” deb so‘radilar.

Shunda Nabiy alayhissalom ushbu duoni aytishga buyurdilar: “Allohumma innaka afuvvun, tuhibbul afva, fa’fu ’anniy“ (Allohim, albatta, Sen kechiruvchisan, kechirishni yaxshi ko‘rasan. Gunohlarimni kechirgin) (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo qiyomatga qadar keladigan barcha mo‘minlarning gunohini mag‘firat etsin. Hidoyatida bardavom qilsin!

Tojikistonda koronavirus bemorlari 2 mingga yaqinlashdi

20 may kuni Toshkentdan Moskvaga charter reys tashkil qilinadi

Kirish imtihonlari testlari qay darajada soddalashtiriladi? – DTM izoh berdi

Bu ka'bi muhim xabar va yangiliklar bilan Telegram kanalimizda  birinchilardan ta'nishib boring!

Eng qaynoq xabarlar bilan TELEGRAM kanalda birinchilarda xabardor bo'ling.


Fikr qoldiring